Hozirgi shiddatli dunyoda biz dam olishga deyarli e’tibor bermaymiz, aksariyat hollarda esa hordiq chiqarishni ishlash tushunchasiga qarama-qarshi holat deb fikrlaymiz. Aslida esa dam olish ham huddi mehnat kabi muhimdir. Yaxshi dam olish nega bunchalik muhim? Buning ishga qanday ta’siri bor? Biz dam olish va ishlash o‘rtasidagi balansni qanday qilib to‘g‘ri ushlashimiz mumkin? “Gazeta.uz” to‘rt kunlik ish haftasi targ‘ibotchisi Aleks Suchjon-Kim Panning Psyche saytida e’lon qilingan “Qanday qilib yaxshi dam olish mumkin?” maqolasini o‘zbek tilida e’tiboringizga havola etadi.
Dam olishga nisbatan munosabat qanday o‘zgardi?
Bizning har doim qayergadir shoshaveradigan va hech qachon uxlamaydigan dunyomizda odamlar dam olishga unchalik e’tibor bermaslikka odatlanishgan. Ammo bir vaqtlar dam olish va ish paytida sarflangan aqliy va jismoniy resurslarni to‘ldirish imkoniyati juda qadrlangan. Masalan, Arastu uchun mehnat og‘ir zarurat edi. U inson faqat hordiq chiqarish vaqtida takomillashadi, aqliy va axloqiy fazilatlari rivojlanadi, deb hisoblardi. XX asr o‘rtalarida ravvin Abram Xeshel yahudiylar uchun shanba (shabbat) faqatgina ish haftasidagi tanaffus emasligini yozgan. Bu “bizning vaqtdan… qalb, quvonch va oqilona sukunatdan quradigan saroyimizdir”. Dam olish falsafadan yiroq bo‘lgan insonlar uchun o‘zlari yoqtirgan ish bilan shug‘ullanish imkoniyatini berardi. 1759-yilda AQShning bo‘lajak birinchi prezidenti Jorj Vashington nafaqaga chiqqach, Maunt-Vernondagi oilaviy mulkini tartibga solishga kirishdi. Tarixchi Uilyam Ebbotning fikricha, “bu mashg‘ulot Vashingtonga urush yoki siyosatdan ko‘ra ko‘proq ta’sir qildi”.
Bugungi kunda dam olishni odatda ishlashga qarama-qarshi holat sifatida qabul qilishadi. Zamonaviy odamlar uchun ish hayotning muhim qismi hisoblanuvchi aktiv faoliyatdir. Mehnat sizga o‘zingizni anglashga va muhimligingizni isbotlash imkonini beradi. Ben Horovitsning “Biz — bu bizning nima bilan shug‘ullanishimizdir” nomli bestselleri kabi mashhur kitoblar ishlash va mavjud bo‘lish o‘rtasida tenglik belgisini qo‘yadi. Ish — bu sharafdir, u bizga boshqalarga nisbatan ma’naviy ustunlik beradi. Dam olish esa hayotni bo‘sh va mazmunsiz qiladi. Men odamlar dam olishni kamdan-kam hollarda mustaqil hodisa sifatida qabul qilishlarini payqadim. Ular uchun bu so‘z salbiy ma’noga ega va hech qanday foydali mashg‘ulot bilan shug‘ullanmayotganlikni anglatadi.
Dam olish nimaga kerak?
To‘liq hayot bilan yashash hamda muvaffaqiyatli martaba uchun dam olish xuddi ish kabi muhimdir. Haddan tashqari yuk xodimga ham, ish beruvchiga ham zarar yetkazadi. To‘g‘ri dam olishning yetishmasligi professional charchoqqa va mehnat unumdorligining pasayishiga olib keladi. Agar biz eng muvaffaqiyatli olimlar, yozuvchilar, harbiy rahbarlarning tarjimai holiga nazar tashlasak, ular zamonaviy sanoatlashgan G‘arb davlatlarining ko‘plab aholisidan ancha kam ishlaganliklarini hamda har doim quvvatni tiklab olish va jadal mehnatni tartibga solganini ko‘ramiz.
Qirolicha Viktoriya davridagi ingliz yozuvchisi Jon Lebbok o‘zining “Hayot ideallari: oqilona va foydali yashash mahorati” nomli kitobida shunday yozgan edi: “Dam olish dangasalik emas; ba’zan quyoshli yoz kunida daraxt ostidagi o‘tlar ustida yotish, suv oqimining shovqinini tinglash yoki ko‘k osmon bo‘ylab suzayotgan bulutlarni tomosha qilish foydali. Bunday dam olish vaqtni behuda o‘tkazish hisoblanmaydi”.
Lebbok nima haqida gapirayotganini yaxshi bilgan. U mashhur arxeolog edi: “Neolit” va “Paleolit” atamalarini ilmiy muomalaga kiritgan va Eyvberi-Xenj tosh davri yodgorligi joylashgan joyni qurilishlardan saqlab qolish maqsadida o‘z mablag‘iga yer sotib olgan. Bundan tashqari, u juda muvaffaqiyatli va ilg‘or moliyachi, parlament a’zosi va bank uchun dam olish kunlari to‘g‘risidagi qonunning muallifi edi. Shu bilan birga, Lebbok har doim Kentda joylashgan oilaviy yerlarda dam olishga vaqt topardi. U yerda kriket o‘ynardi, do‘stlari bilan muloqot qilardi va qo‘shnisi Charlz Darvin bilan ilmiy masalalarni muhokama qilardi.
